Yevrosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) prognozlariga ko‘ra, 2025 yil yakuniga borib O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 6,5 foizga o‘sishni qayd etadi.

«Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari aholi daromadlarining oshishi va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan faol investitsiya jarayonlari bo‘ladi», – deb yozgan «Sinxua».

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 2025 yilda 8,1 foizgacha pasayishi mumkin. Xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi va eksport hajmining oshishi esa milliy valuta uchun qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Jahon banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 2025 yilda 5,8 foizni, 2026 yilda esa 5,9 foizni tashkil etadi. Bu esa Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Joriy yilning 3 yanvar kuni davlat rahbariga «2025 yil uchun O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot berilgan edi.