O‘zbekistonda 2030-yilgacha talabalar ehtiyojini to‘liq qoplaydigan darajada yotoqxonalar qurib bitkaziladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov UzReport TV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vbb

Vazirning aytishicha, prezident qarori asosida respublikada talabalar turar joylari sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yotoqxonalar davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etilmoqda.

“2030-yilgacha hamma talabalar ehtiyojini qondiradigan darajada yotoqxonalar qurib bitkaziladi. Binolar davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilyapti”, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

Uning ta’kidlashicha, hozir kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalarning kamida 20 foizi boshqa viloyatlardan kelgan. Ularni yotoqxonalarga joylashtirish imkoniyati mavjud.

Yotoqxonada joylashmagan talabalar esa ijara uylarida yashashi mumkin. Bunda ijara haqining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Vazir so‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda 100 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga qadar mamlakatda 100 yil davomida jami 55 ming o‘rinli yotoqxonalar barpo etilgan.

Yotoqxonaga joylashish tartibi

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning aytishicha, talabalar turar joylariga joylashish uchun maxsus platforma ishga tushirilgan. Yotoqxonaga ehtiyoji bo‘lgan talabalar 15-avgustdan boshlab platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Bunda avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj va imkoniyati cheklangan yoshlar yotoqxonaga joylashtiriladi. Keyingi navbatda uzoq va chekka hududlardan kelgan talabalarga ustuvorlik beriladi.