O‘zbekistonda umumta’lim maktablarining musiqa fani o‘qituvchilariga o‘quvchilarning cholg‘u asboblarini ijro etish darajasiga qarab har oylik ustama to‘lash tartibi belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 11-noyabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, musiqa o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasiga quyidagi miqdorda ustama belgilanadi:
- 95–100 ball — 20 foiz;
- 90–94 ball — 18 foiz;
- 85–89 ball — 16 foiz;
- 80–84 ball — 14 foiz;
- 75–79 ball — 12 foiz;
- 70–74 ball — 10 foiz;
- 65–69 ball — 8 foiz;
- 60–64 ball — 5 foiz.
O‘quvchilarning natijasi 60 balldan past bo‘lsa, o‘qituvchiga ustama berilmaydi.
Ustama miqdori o‘qituvchining o‘quvchilari to‘plagan ballarning o‘rtacha arifmetik ko‘rsatkichi asosida aniqlanadi. O‘quvchilarning cholg‘u ijrochiligi mahorati maxsus komissiya tomonidan 100 ballik tizimda baholanadi.
Baholashda texnik ijro mahoratiga 30 ball, ritmga rioya qilishga 20 ball, badiiy ifoda va musiqiy talqinga 20 ball, intonatsiya va sozlashga 15 ball, sahna madaniyatiga 10 ball, asarni yoddan ijro etish va tayyorgarlikka 5 ball beriladi.
Ustama direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i bilan tayinlanadi va keyingi oyning ish haqi bilan bir vaqtda to‘lanadi.
Baholash natijasidan norozi bo‘lgan o‘qituvchi besh ish kuni ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.