“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “O‘zbekiston mustaqilligi – 34 yil” mavzusida sotsiologik so‘rov o‘tkazdi.

Natijalarga ko‘ra, aholining asosiy qismi Mustaqillik bayramini o‘zgacha kayfiyatda kutib oladi. Jumladan, 97 foiz fuqarolar mamlakatdan faxrlanishini bildirgan. 87,6 foiz respondent bayramni ko‘tarinki ruhda kutayotganini, 84,7 foizi esa Mustaqillik kunini xalqning yakdilligi bilan bog‘lashini qayd etgan.
Shuningdek, so‘ralganlarning 95,5 foizi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekanidan faxrlanishini aytgan. 79,1 foiz respondent so‘nggi yillarda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish va maqsadlarga erishish imkoniyatlari kengayganini ta’kidlagan.
Markaz tahliliga ko‘ra, fuqarolarning 97,8 foizi O‘zbekistonni kuchli va farovon davlat sifatida, 88,9 foizi tinch va mustahkam, 85,3 foizi ma’naviy boy va madaniyatli, 81,9 foizi esa zamonaviy va innovatsion mamlakat sifatida tasavvur qiladi.