O‘zbekistondagi akademik litsey o‘quvchilarining 25,4 foizi oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun qo‘shimcha tayyorgarlikka ehtiyoj borligini bildirgan. Shunga qaramay, so‘rovnomada qatnashganlarning 95,5 foizi OTMga kirish imkoniyatini ijobiy baholagan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tadqiqotida ma’lum qilindi.
So‘rovnoma 2026-yil 21-martdan 9-aprelgacha mamlakatning barcha 14 ta hududidagi 73 ta akademik litseyda o‘tkazilgan. Unda 24 557 nafar o‘quvchi va 2 520 nafar pedagog, jami 27 077 kishi ishtirok etgan.
Natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning 70,1 foizi oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imkoniyatiga to‘liq ishonishini bildirgan. Yana 25,4 foizi bunga ishonishini, biroq qo‘shimcha tayyorgarlik kerakligini qayd etgan.
Pedagoglarning 98,6 foizi o‘quvchilarning oliy ta’limga tayyorgarligini ijobiy baholagan. Shuningdek, 88,6 foiz o‘qituvchi akademik litseylarda ilg‘or ta’lim usullaridan foydalanish darajasini ijobiy baholagan. Xalqaro ta’lim dasturlari bilan integratsiya bo‘yicha esa ijobiy baholar 60,9 foizni tashkil etgan.
O‘quvchilarning 86 foizi dars sifati va o‘qituvchilar mahoratidan, 92,8 foizi esa chuqurlashtirilgan fanlarni o‘zlashtirish darajasidan qoniqishini bildirgan.
Shu bilan birga, so‘rovnoma ishtirokchilari o‘quv jarayoni va dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha 2 763 ta taklif bergan. Xususan, imtihon va baholash tizimini yaxshilash masalalari ko‘tarilgan.
Tadqiqotda akademik litseylarning ixtisoslashuv yo‘nalishlari bo‘yicha ham natijalar taqqoslangan. Pedagoglar baholari asosida tibbiyot yo‘nalishidagi litseylar 83,6 ball bilan eng yuqori natijani qayd etgan. Keyingi o‘rinlarda amaliy-texnik yo‘nalish (80,4 ball), pedagogika (77,8 ball) va ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish (74,1 ball) joylashgan.
Tahlil xulosasida pedagogika va ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda xalqaro ta’lim elementlarini kengaytirish, chuqurlashtirilgan ta’lim mazmunini boyitish va o‘quv dasturlarini zamonaviy kompetensiyalar asosida takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.