Misrdagi islom olamining eng nufuzli ilmiy-ma’rifiy markazi — Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasida yangi ilmiy va ta’limiy loyihalar boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakatning diniy-ijtimoiy yo‘nalishdagi mashhur nashri Al-Liwaa Al-Islamida xabar berildi.

Ilj

Nashrning yozishicha, Qohirada o‘tgan uchrashuvda Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston delegatsiyasi, jumladan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan muloqot chog‘ida ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida quyidagi yo‘nalishlardagi qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi:

  • ulamolar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  • o‘zbek talabalarining Al-Azharda o‘qishini qo‘llab-quvvatlash;
  • istiqbolli qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
  • anjumanlar, master-klasslar va o‘quv-seminarlarni tashkil etish.

O‘zbekiston tomoni uchrashuvda mamlakatdagi diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, yoshlar bilan ishlashda ma’rifatning o‘rni, ekstremizm va radikal g‘oyalarning oldini olishga qaratilgan choralarga to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston bilan ilmiy-ma’rifiy aloqalar tarixan mustahkam ekanini qayd etib, hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Muloqot yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari, talabalar va mutaxassislar uchun qo‘shimcha grantlar hamda qo‘shma ma’rifiy tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, Saida Mirziyoyeva 8-dekabr kuni Qohirada Misr bosh imomi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida o‘z sahifasida xabar bergan edi. Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasida ma’naviyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilingani aytilgan.