Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi faoliyati to‘xtatilmaydi. Muzey fondidagi eksponatlar va nodir qo‘lyozmalar Yangi Toshkentda qurilayotgan yangi bino foydalanishga topshirilgunga qadar vaqtinchalik boshqa muassasalarga ko‘chirilmoqda. Bu haqda 6-iyul kuni Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.

Mk

Bayonotga sabab yozuvchi Shukur Jabborning Facebook’dagi sahifasida muzey yopilgani haqidagi posti ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlar va muhokamalar bo‘ldi.

Fanlar akademiyasining ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ishlar muzey faoliyatini tugatish yoki madaniy merosga zarar yetkazishga emas, balki noyob qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa eksponatlarni yanada ishonchli sharoitda saqlash, ularni raqamlashtirish hamda kelajak avlodlarga asrab yetkazishga qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkentdagi yangi muzey binosi foydalanishga topshirilgunga qadar muzey fondidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi Islom sivilizatsiyasi markaziga vaqtinchalik saqlash uchun topshirilgan. Muzeyning boshqa eksponatlari esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga ko‘chirib o‘tkazilmoqda.

Akademiyaga ko‘ra, ushbu choralar madaniy merosning butligi va xavfsizligini ta’minlash, uni zamonaviy sharoitlarda saqlash hamda keyinchalik yangi muzey binosiga to‘liq ko‘chirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, 2026-yil 9-iyun kuni belgilangan tartib asosida muzeyning mas’ul xodimlari tomonidan 847 dona nodir qo‘lyozma Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga joylashtirilgan. Ayni paytda muzey eksponatlarini birlamchi xatlovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.

Muzey direktori Jabbor Eshonqul ham Facebook’dagi sahifasida holat yuzasidan munosabat bildirib, 1934-yilda qurilgan bino 1968-yildan buyon kapital ta’mirdan chiqarilmaganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan kapital ta’mirlash ishlari sabab muzey binosi vaqtincha yopilgan.

Shuningdek, u Yangi Toshkentdagi yangi bino foydalanishga topshirilgach, hozirgi tarixiy binoni muzey filiali sifatida saqlab qolish masalasi mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.