Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Andijon polkasi” raqsini Guinness World Records ro‘yxatiga kiritish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 730 million so‘m mablag‘ ajratdi. Bu bo‘yicha viloyat hokimining 2026-yil 22-iyundagi qarori qabul qilingan.

Qarorda qayd etilishicha, mablag‘ ajratishda viloyat hokimligi kotibiyati mudiri E. Xolmirzayevning 20-iyundagi bildirgisi hamda viloyat Madaniyat boshqarmasining shu sanadagi murojaati inobatga olingan.
730 million so‘m viloyat byudjetining 2026-yil uchun zaxira jamg‘armasi hisobidan Madaniyat boshqarmasiga ajratilgan. Mablag‘ning maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash boshqarma boshlig‘i M. Sattarova zimmasiga yuklatilgan.
Biroq qarorda ushbu mablag‘ aynan qaysi xizmatlar va xarajatlarga yo‘naltirilishi ochiqlanmagan. Shuningdek, mablag‘ning qancha qismi Guinness World Records tashkilotiga to‘langaniga oid ma’lumot ham keltirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 24-iyun kuni Andijonda “Turk dunyosining madaniy poytaxti — 2026” xalqaro tadbiri doirasida “Andijon polkasi” raqsi ommaviy ijro etilib, rekord o‘rnatilgandi.
Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, “Bobur Arena” stadionida mazkur raqsni bir vaqtning o‘zida 20 ming nafar ishtirokchi ijro etgan. Tadbir yakunida Guinness World Records tashkiloti vakili rekord qayd etilganini tasdiqlovchi rasmiy sertifikatni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga topshirgan.