Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” sanoat zonasi hududida faoliyat yuritayotgan Andijon-Huanya xalqaro texnikumini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Texnikum sanoat zonasidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun zarur mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu yerda ta’lim jarayoni ishlab chiqarish bilan bog‘langan.
Loyihaning qiymati 15 million dollar bo‘lib, u to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilgan. To‘rt gektar maydonda 5 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv binosi qurilgan. Keyingi bosqichda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hududlar barpo etiladi.
Muassasada dual ta’lim tizimi joriy qilingan. O‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda oladi, amaliy mashg‘ulotlarini esa sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi. Shu orqali ular o‘qish davomida zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘ladi.
Texnikum joriy yil iyun oyida ish boshlagan. Hozirda unda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilgacha yillik qabulni 1 ming 800 nafarga, o‘quvchilarning umumiy sonini 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Ta’lim yo‘nalishlari soni ham 20 tagacha oshiriladi.
Prezident texnikumdagi sharoitlar bilan tanishib, yoshlar va investor bilan suhbatlashdi.