Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining ikki o‘rinbosari fermerdan 65 million so‘m talab qilgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hokimning investitsiya hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, tuman fermer xo‘jaligining 500 ming AQSh dollarlik eksport rejasini soxta eksport operatsiyalari orqali yopib berish evaziga 65 million so‘m miqdorida pora talab qilishgan.
Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari joriy yilning avgust oyida ushbu pulning 25 million so‘mini avans sifatida olgan. Qolgan 40 million so‘mni esa hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari orqali olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.