Ijtimoiy tarmoqlarda katta yoshli erkak maktab yoshidagi bolani tayoq bilan urayotgani aks etgan video tarqaldi. Aniqlanishicha, holat Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 11-umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan.

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxs mazkur ta’lim muassasasining direktor o‘rinbosari ekani aniqlangan. Pedagog va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlarga mutlaqo zid bo‘lgan xatti-harakatlari uchun unga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 23-yanvar kuni soat 10:00 atrofida maktab hududida yuz bergan. Videoyozuvda direktor o‘rinbosari A.Q. o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlariga kiritish jarayonida maktab yoshidagi bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatayotgani aks etgan.
Vazirlik holat yuzasidan o‘rganish ishlari davom etayotganini ma’lum qilgan.