Toshkent viloyati Angren shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tergovchi o‘z ish yurituvida bo‘lgan tergovga qadar tekshiruv ishi doirasida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik va tegishli choralar ko‘rmaslik evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Ichki ishlar vazirligining shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan puldan 5 ming dollarni olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud tomonidan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.