Olimlar Antarktida janubi-sharqidagi Allan-Hills tepaliklaridan 6 million yillik muz namunalarini burg‘ilab oldi. Bu haqda Gizmodo nashri xabar berdi.

Gb

Vuds-Xoul okeanografiya instituti geofiziki Sara Shekltonning ta’kidlashicha, topilgan muz namunalari Yerning o‘tmishdagi ancha issiq davrlariga oid iqlim izlarini o‘zida saqlagan.

“Bu safar olingan muz yadrosi ilgari topilgan eng qadimgi — 2,7 million yillik muzdan ikki baravar eski”, — dedi u.

Allan-Hills hududida qadimiy muzlar shamol va sovuq iqlim ta’sirida sirtga nisbatan yaqin, 100–200 metr chuqurlikda joylashgani bois, burg‘ilash jarayoni texnik jihatdan oson, ammo muzliklarning aniq yoshini aniqlash murakkab hisoblanadi.

Sheklton jamoasi muz yadrosida qolgan havo pufakchalaridagi argon izotoplarini tahlil qilib, har bir namunaning yoshini aniqlagan. Shuningdek, lazer spektroskopiyasi yordamida suvdagi kislorod izotoplari o‘rganilib, ilgari bu hududda harorat asta-sekin va uzoq muddat davomida 12 °C ga pasaygani aniqlangan.

Tadqiqotchilar gaz deyarli saqlanmagan “iflos bazal muz” namunasini ham topgan. Suv izotoplarini tahlil qilish bu muzning nisbatan iliq sharoitda shakllanganini ko‘rsatgan. Namunaning chuqurligi uning yoshi 6 million yildan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini bildiradi.

Ma’lumot uchun, muz yadrolari muz qatlamlaridan maxsus burg‘ilash yo‘li bilan olinadigan silindrsimon namunalardir. Ularga yetib borish uchun ba’zan 2 ming metr chuqurlikkacha burg‘ilash talab etiladi. Jarayon davomida atrof-muhitni muhofaza qilishga oid xalqaro qoidalarga qat’iy rioya qilinadi.