Texnologiya olamining ikki yirik kompaniyasi — Apple va Google sun’iy intellekt (SI) sohasida ko‘p yillik hamkorlik bitimini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, 2026-yilda taqdim etilishi kutilayotgan yangilangan Siri ovozli yordamchisi Google’ning Gemini SI modellari asosida ishlaydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Google uchun katta ishonch va ulkan bozor
12-yanvar kuni e’lon qilingan mazkur kelishuv Google’ning sun’iy intellekt sohasidagi yetakchiligini yana bir bor tasdiqladi. Avvalroq Google texnologiyalari Samsung’ning Galaxy AI tizimiga integratsiya qilingan edi. Apple bilan tuzilgan bitim esa kompaniyaga 2 milliarddan ortiq faol qurilmalarni qamrab olgan ulkan bozor eshiklarini ochmoqda.
Google bayonotida qayd etilishicha, batafsil tahlil va baholashdan so‘ng Apple kompaniyasi Gemini modellarini Apple Foundation modellari uchun eng mos texnologik asos sifatida tanlagan. Shuningdek, Gemini kelgusida Apple Intelligence’ning boshqa funksiyalarini ham qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
OpenAI ikkinchi planga tushdimi?
Mazkur kelishuv uchun Alphabet (Google’ning bosh kompaniyasi) OpenAI bilan raqobatlashgan. Eslatib o‘tamiz, Apple 2024-yil oxirida o‘z qurilmalariga ChatGPT’ni joriy etib, Siri orqali murakkab savollarga javob berishda undan foydalanish imkonini yaratgan edi.
Yangi bitim OpenAI’ning Apple bilan hamkorligi istiqbollari borasida savollarni yuzaga chiqardi. Equisights Research bosh direktori Part Talsaniya fikricha, Siri uchun Gemini modellarining tanlanishi OpenAI’ni ikkinchi darajali rolga tushiradi. Uning ta’kidlashicha, ChatGPT endilikda tizimning asosiy qatlami emas, balki faqat foydalanuvchi xohishiga ko‘ra murakkab so‘rovlar uchun ishlatiladi.
Alphabet qiymati 4 trillion dollardan oshdi
Mazkur xabar fonida Alphabet kompaniyasining bozor qiymati 12-yanvar kuni 4 trillion dollardan oshdi. Kompaniya aksiyalari 2025-yilda sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlar hisobiga 65 foizga qimmatlashgan.
Apple va Google o‘rtasidagi hamkorlik yangi emas. Ko‘p yillar davomida Google Apple qurilmalarida standart qidiruv tizimi bo‘lib kelmoqda. Bu hamkorlik Google uchun yirik trafik manbai bo‘lsa, Apple’ga har yili o‘n milliardlab dollar daromad keltiradi.
Maxfiylik masalasi
Foydalanuvchilarning xavotirlariga javoban Google Apple Intelligence tizimi asosan qurilmaning o‘zida va Private Cloud Compute infratuzilmasida ishlashini, bu esa shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Apple sun’iy intellekt poygasiga nisbatan kechroq qo‘shilgani sababli bir qator qiyinchiliklarga duch kelgan. Xususan, Siri yangilanishining kechikishi va kompaniya rahbariyatidagi o‘zgarishlar bunga misol sifatida keltirilmoqda.