AQSH hukumati NATOning bir qator asosiy qo‘mondonlik markazlarida faoliyat yuritayotgan amerikalik xizmatchilar sonini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu qaror Yevropada Vashingtonning alyansga sodiqligi borasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Bu haqda vaziyatdan xabardor uchta manbaga tayanib, Reuters xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati ushbu rejani allaqachon bir nechta Yevropa poytaxtlariga yetkazgan. Rejaga muvofiq, NATOning harbiy va razvedka operatsiyalarini rejalashtirish bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalaridan taxminan 200 ta shtat birligi qisqartiriladi. Diplomatik muzokaralar maxfiyligi sababli ismi oshkor etilmagan manbalar qisqartirishlar quyidagi bo‘linmalarga taalluqli bo‘lishini bildirgan:
- Buyuk Britaniyada joylashgan NATO Razvedka birlashmasi markazi;
- Bryusseldagi Ittifoqchilar maxsus operatsiyalari kuchlari qo‘mondonligi;
- Portugaliyadagi dengiz operatsiyalarini nazorat qiluvchi STRIKFORNATO;
- shuningdek, alyans tarkibidagi boshqa qator o‘xshash tuzilmalar.
Qayd etilishicha, mazkur bo‘linmalarda hozirda 400 nafarga yaqin AQSH xizmatchisi faoliyat yuritadi. Demak, qisqartirishlar natijasida bu markazlardagi amerikaliklar soni deyarli ikki baravarga kamayadi. Aniqlik kiritilishicha, harbiylar lavozimlaridan zudlik bilan chaqirib olinmaydi — ularning xizmat muddati tugagach, bo‘shagan o‘rinlar yangi xodimlar bilan to‘ldirilmaydi.
Rasmiy Vashington qisqartirishlar sababini ochiqlamagan. Biroq manbalar buni Tramp ma’muriyatining harbiy resurslarni G‘arbiy yarimsharga ko‘proq yo‘naltirish rejalari bilan bog‘lamoqda. Bu o‘zgarishlar Yevropadagi 80 ming nafar AQSH harbiy kontingenti (ularning qariyb yarmi Germaniyada joylashgan) fonida katta ko‘rinmasligi mumkin. Shunga qaramay, qaror alyansning 77 yillik tarixidagi eng murakkab diplomatik davrlardan biriga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlanmoqda.
Yevropadagi xavotirlarni kuchaytirayotgan omillardan yana biri — prezident Donald Trampning Grenlandiya masalasi bo‘yicha Daniyaga nisbatan keskin bayonotlaridir. Ayrim rasmiylar bunday keskinlik NATO kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Vaziyatni ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar ham murakkablashtirmoqda. Xususan, 20-yanvar kuni Jahon iqtisodiy forumiga jo‘nab ketish arafasida Tramp ijtimoiy tarmoqda NATOni AQSH uchun tahdid sifatida tasvirlagan postni ulashgani qayd etilgan.