AQSHda 8-may kuni noma’lum uchar jismlar (NUJ) va yerdan tashqaridagi hayotga oid o‘nlab hujjatlar, fotosuratlar hamda videolar maxfiylikdan chiqarildi. Ayrim materiallarda bo‘yi 1 metr atrofidagi “mavjudotlar” haqida ham so‘z boradi. Bu haqda Daily Mail AQSH Urush vazirligi hisobotlariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, e’lon qilingan materiallar asosan 1960-yillarda qayd etilgan NUJ kuzatuvlari bilan bog‘liq. 1966-yil oktyabriga oid hisobotlardan birida havoda uzoq vaqt muallaq turishi, keskin tezlashishi va elektromagnit uskunalarni ishdan chiqarishi mumkin bo‘lgan uchar obyektlar haqida guvohlarning ko‘rsatmalari jamlangan.
Hujjatlarda ayrim guvohlar ushbu obyektlardan tushgan ekipaj a’zolarini ko‘rganini bildirgani aytiladi.
“Ular bo‘yi uch yarim futdan (107 sm) to‘rt futgacha (122 sm) bo‘lgan, skafandr va dubulg‘aga o‘xshash kiyim kiygan mavjudotlar edi”, — deyiladi hisobotda.
Materiallarda, shuningdek, “uchar likopcha” qoldiqlari sifatida ta’riflangan noma’lum metall parchalari haqida ham ma’lumot berilgan.
Nashr yozishicha, hujjatlar AQSH prezidenti Donald Trump yerdan tashqaridagi hayot va NUJlarga oid ma’lumotlarni oshkor qilishga va’da berganidan keyin e’lon qilingan.
AQSH Urush vazirligi vakili Sean Parnell maxfiylikdan chiqarilgan materiallarga qiziqish nihoyatda yuqori bo‘lganini aytdi.
“Bu misli ko‘rilmagan darajadagi qiziqish. Prezident Tramp ma’muriyatining yuqori darajadagi shaffofligi”, — dedi u.
Shuningdek, materiallar orasida 1947-yilda Nyu-Gempshir shtatida topilgan metall parchalari bo‘yicha ekspertiza xulosasi ham mavjud. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ular oddiy cho‘yan bo‘lib chiqqan.