Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonning AQSHda joylashgan xususiy aerokosmik kompaniya — Vast bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani haqida ma’lum qildi.

Vazir Sherzod Shermatov AQSHga tashrifi doirasida kompaniya vitse-prezidenti Rich Leshner bilan uchrashdi. Muzokaralarda mamlakatda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro ilmiy aloqalarni kuchaytirish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislarning kosmik sohadagi salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Sherzod Shermatov fan, innovatsiya va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek O‘zbekistonning xalqaro kosmik dasturlarda faol ishtirokini ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Tomonlar Vast bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini belgilab oldi. Jumladan, qo‘shma tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi dasturlari va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Haven-1 orbital stansiyasi uchirilgach, keyingi missiyalarda qatnashishi masalasi ko‘rib chiqildi.
Haven-2 loyihasi doirasida esa sun’iy gravitatsiya, hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlari va orbital arxitektura bo‘yicha o‘zbekistonlik olim va muhandislarning ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, ta’lim, amaliyot va qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish sohalarida yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolab, o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kosmik loyihalarda ishtirokini kengaytirish bo‘yicha keyingi bosqichlarni belgilab oldi.
Ma’lumot uchun, Vast — AQSHda faoliyat yurituvchi aerokosmik kompaniya bo‘lib, yangi avlod kosmik stansiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Uning ilk loyihasi — Haven-1, dunyodagi birinchi tijoriy orbital stansiya hisoblanadi.