Ilmiy tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, 2032-yilda 2024 YR4 asteroidining Oy yuzasi bilan to‘qnashish ehtimoli mavjud. Bu haqda IFL Science xabar berdi.
Asteroid dastlab 2024-yil dekabr oyida Chilidagi ATLAS teleskopi tomonidan aniqlangan. Dastlab uning Yer bilan to‘qnashish xavfi mavjudligi aytilgan bo‘lsa-da, keyinchalik kuzatuvlar bu ehtimolni rad etdi. Hozirda olimlar asteroidning Oyga ta’siriga e’tibor qaratmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, asteroidning Oy bilan to‘qnashish ehtimoli taxminan 4,3 foizni tashkil qiladi.
G‘arbiy Ontario universiteti fizika professori Pol Viyergt boshchiligidagi tadqiqot guruhi xulosasiga ko‘ra, agar to‘qnashuv sodir bo‘lsa:
- diametri taxminan 1 kilometr bo‘lgan krater hosil bo‘ladi,
- 6,5 megatonna trotil portlashiga teng energiya chiqadi,
- bu so‘nggi 5 ming yil ichida Oy yuzasida yuz beradigan eng yirik zarba bo‘ladi.
To‘qnashuvning vizual effekti Yerda ham sezilishi mumkin. Zarba natijasida koinotga otilgan Oy moddasi meteor oqimi hosil qiladi va bu Yer atrofidagi ba’zi sun’iy yo‘ldoshlarga zarar yetkazishi mumkin.
Jon Xopkins universiteti astrofizigi Endryu Rivkinning ta’kidlashicha, asteroidning to‘qnashuv joyiga bog‘liq holda oqibatlar o‘zgaradi. Shu sababli NASA zarurat tug‘ilganda, sun’iy yo‘ldoshlar va Oyni himoya qilish uchun kosmik jismning yo‘nalishini o‘zgartirish yoki yadro qurolidan foydalanish variantlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kosmik obyektni 2026-yil o‘rtalaridan Jeyms Uebb teleskopi yordamida qayta kuzatish mumkin bo‘ladi. Bu asteroidning aniq o‘lchamini aniqlash va ehtimoliy to‘qnashuv xavfini baholash imkonini beradi. Professor Viyergtning aytishicha, keyingi kuzatuv davri 2027-yil boshiga to‘g‘ri keladi, ammo zarurat tug‘ilganda himoya choralarini ko‘rish uchun vaqt cheklangan.