Adliya vazirligi o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar ushbu fanlardan yakuniy davlat imtihonlarini topshirmaydi. Ularga mazkur fanlar bo‘yicha maksimal ball beriladi.
Shuningdek, yakuniy attestatsiya sinovlarini 3 yil davomida topshirmagan o‘quvchilarga eksternat tartibida imtihon topshirish huquqi beriladi. Bunda ular davlat ta’lim standartlari asosida dasturlarni mustaqil o‘zlashtirib, yakuniy attestatsiyadan o‘tadi. Sinovlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga davlat namunasidagi o‘rta ta’lim shahodatnomasi beriladi.
Yana bir yangilik — apellyatsiya tartibi aniq belgilandi. O‘quvchilar yakuniy imtihon natijalaridan norozi bo‘lsa, baholar e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Apellyatsiya natijasiga ko‘ra, imtihon bahosi o‘zgarishsiz qoldiriladi yoki qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda o‘quvchining olgan ballini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlangan.