Ayubxon Yunusov O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi etib tayinlandi. Elchining qarorgohi Al-Kuvaytda joylashadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Yangi elchi Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Uchrashuvda Suriya tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotgani ta’kidlandi. Keyingi davrda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar faollashgani qayd etilib, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yish va boshqa qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Suriya tomoni O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan hamkorlik tashabbuslarini ko‘rib chiqish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqot, oliy va yuqori darajadagi tashriflar, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda aloqalarni rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Ayubxon Yunusov kim?
Ayubxon Yunusov 2024-yil 6-fevraldan O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U 2025-yil 10-oktyabrdan buyon O‘zbekistonning Iroqdagi elchisi lavozimini ham egallab kelmoqda.
Yunusovning Suriyadagi elchilik faoliyati ham Al-Kuvaytdagi qarorgoh orqali amalga oshiriladi.