Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning 5 ta oliy ta’lim muassasasida mingdan ortiq asar bo‘yicha mualliflik huquqlari buzilishi holatlari aniqlangan.

Yuy

Ma’lum qilinishicha, mazkur oliy ta’lim muassasalarida asarlar mualliflar yoki boshqa huquq egalari roziligisiz, hech qanday shartnomalarsiz to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgan hamda unilibrary.uz axborot tizimiga, shuningdek, universitetlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirilgan.

Mualliflik huquqlari buzilgan oliy ta’lim muassasalari quyidagilar:

  • Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti;
  • Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
  • O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti;
  • Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.

Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan oliy ta’lim muassasalarining mas’ul shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan.

Shuningdek, “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 65-moddasiga muvofiq, muallif yoki huquq egasi yetkazilgan zararni qoplash uchun huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega.