O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu Hukumatning 29-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda nazarda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, 2026/27-o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga sertifikat amal qiladigan davr mobaynida har oy lavozim maoshining 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Mazkur ustama davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va o‘qituvchi dars berayotgan ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar uchun tatbiq etiladi.

Nizomga muvofiq, malaka imtihonlarini tashkil etish va natijalarini baholash bo‘yicha vakolatli organ Bilim va malakalarni baholash agentligi etib belgilandi.

Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgor ro‘yxatdan o‘tishda ariza topshirilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirishi lozim. Imtihon natijalari xalqaro baholash metodikasi – Rash modeli asosida hisoblanadi.

Sertifikat darajalari quyidagicha belgilanadi:

  • 70 balldan yuqori natija – A+ daraja;
  • 65–69,9 ball – A daraja;
  • 60–64,9 ball – B+ daraja;
  • 55–59,9 ball – B daraja;
  • 50–54,9 ball – C+ daraja;
  • 46–49,9 ball – C daraja.

Talabgorlarning boshlang‘ich ta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi, o‘qitish metodikasi hamda pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi.

Milliy sertifikat olish istagidagi talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda ariza topshirib, ro‘yxatdan o‘tadi. Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tganlarga QR kodli elektron sertifikat bir ish kuni ichida portal orqali yuboriladi.

Shuningdek, talabgorlar imtihon natijalari e’lon qilingan kundan boshlab uch kun ichida portal orqali vakolatli organga apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.