Buyuk Britaniyaning BP energetika kompaniyasi O‘zbekistonning Ustyurt mintaqasidagi oltita neft va gaz konida qidiruv ishlarini olib borish uchun 40 foizlik ulushni sotib oldi. Bu haqda kompaniya ma’lumotiga tayanib Reuters xabar berdi.

Mnbb

Qayd etilishicha, mazkur qaror kompaniyaning an’anaviy energiya manbalariga yana qayta e’tibor qaratayotganini ko‘rsatmoqda.

BP 2021-yilda sobiq bosh direktori Bernard Luni davrida mintaqadagi qidiruv ishlarini to‘xtatgan edi. O‘sha paytda kompaniya “yashil energetika” siyosati doirasida 2030-yilgacha neft va gaz qazib olish hajmini 40 foizga qisqartirishni maqsad qilgandi.

Biroq hozirda kompaniya qazib olinadigan yonilg‘i loyihalariga yana qaytmoqda.

BP’ning Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Jio Kristofoli O‘zbekiston katta resurs salohiyatiga ega ekanini ta’kidladi.

“Biz O‘zbekiston katta resurs salohiyatiga ega ekaniga ishonamiz. Buni mamlakatning neft va gaz resurslarini qidirish hamda o‘zlashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyat deb bilamiz”, dedi u.

Ma’lum qilinishicha, BP 40 foizlik ulushni amaldagi hamkorlar — SOCAR va “O‘zbekneftgaz”dan sotib olgan.

Shundan so‘ng SOCAR va “O‘zbekneftgaz”ning har biri loyiha doirasida 30 foizlik ulushga ega bo‘lib qolgan. SOCAR esa bloklar operatori sifatidagi maqomini saqlab qoladi.

Loyiha tarkibiga quyidagi konlar kiradi:

— Boyterak;
— Terengquduq;
— Birqori;
— Xaroy;
— Qoraqalpoq;
— Qulboy.

BP ilk bor 2018-yilda SOCAR va “O‘zbekneftgaz” bilan qidiruv ishlari bo‘yicha shartnomalar imzolagan edi.