O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov “Dukes Education” tashkiloti direktori Tim Fish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ynuu

Muzokaralar chog‘ida Tim Fish O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, u tashkilot faoliyati hamda kompaniya huzuridagi maktablar va ta’lim muassasalari imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar muloqot yakunida kompaniya bilan O‘zbekistonning mutasaddi idoralari, shuningdek, xususiy maktablar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, 2015-yilda tashkil etilgan “Dukes Education” Buyuk Britaniyadagi eng yirik xususiy ta’lim tarmoqlaridan biridir. U maktablar, kollejlar, bog‘chalar va ta’lim markazlarini qamrab oladi. Tashkilot tarkibida 30 dan ortiq ta’lim muassasasi, jumladan, Cardiff Sixth Form College, Oxford Sixth Form College, Rochester Independent College va Fine Arts College mavjud. Kompaniya maktablari Buyuk Britaniya, Shveysariya, Irlandiya, Ispaniya va Portugaliyada faoliyat yuritadi.