Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov bugungi kunda maktablarda davomat 50 foizni ham tashkil qilmayotganini aytdi. U darsga kelmayotgan o‘quvchilarni maktabga qaytarish uchun ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarini jalb qilishga majbur bo‘linayotganini ma’lum qildi.
Jurnalist vazirdan maktablarda darsga kelmaydigan o‘quvchilar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari shug‘ullanayotganiga munosabatini so‘radi.
“Biz o‘quvchini maktabga qaytarishimiz kerak. Tushuntirish, targ‘ibot bilan bo‘lmagandan keyin ichki ishlar xodimlarini jalb etishga majbur bo‘ldik”, dedi Erkinjon Turdimov.
Vazir Sirdaryo viloyatida ishlagan davrida har bir maktabdagi davomatni shaxsan nazorat qilgani va ichki ishlar organlari xodimlari yordamida bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davomatni bundan ortiq oshirish qiyin bo‘lgan. O‘quvchilarning qariyb 10 foizi bozor-o‘charga, pul topishga chiqib ketgan bo‘lsa, yana shunchasi boshqa shaharlardagi matematika maktablari yoki poytaxtdagi o‘quv markazlari va repetitorlarga qatnagan.
“Ota-onasiga ‘Bolangizni topib bering, maktabga borsin’, desak, ‘Maktabda o‘qisa, universitetga kirolmaydi, bolam repetitorda o‘qiyapti, uni bezovta qilmang’, deydi. Maktablarda o‘qitish sifatini ham yaxshilash kerak. Aks holda, davomatni 100 foiz qilib bo‘lmaydi”, dedi vazir.
Maktablarda raqamli kuzatuv tizimi joriy etiladi
Toshkentdagi ayrim maktablarda tajribadan o‘tkazilayotgan raqamlashtirilgan kuzatuv tizimini mamlakatdagi barcha maktablarga joriy qilish rejalashtirilmoqda.
“Shunda har bir sinfda nechta o‘quvchi o‘tirganini, o‘qituvchi qanday dars o‘tayotganini o‘zim ham bemalol ko‘rib turaman. O‘quvchini maktabga qaytaramiz”, dedi Erkinjon Turdimov.
Vazir suhbat davomida maktab darsliklaridagi xatolar masalasiga ham to‘xtaldi. U darsliklarda xatolar ko‘pligini yaxshi bilishini, biroq darsliklar va ularning mazmuni bilan vazirlik bevosita shug‘ullanmasligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, maktab darsliklarining mazmuni va mohiyatiga oid takliflar bu yo‘nalish bilan shug‘ullanuvchi Ta’lim markazi hamda Ilmiy tadqiqotlar institutiga yuborilgan.