Buxoro viloyatida 2 105 nafar o‘qituvchining oylik daromadi 1 000 dollar va undan yuqori. Viloyatdagi 18 025 nafar pedagog xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, o‘qituvchilarning maoshi xalqaro sertifikatlar olish, attestatsiya orqali malaka toifasini oshirish va 70 foizgacha ustamalarga ega bo‘lish hisobiga 15–17 mln so‘mgacha yetmoqda.
Bu borada G‘ijduvon tumanida ham alohida tajriba shakllangan. Tumandagi 4 568 nafar o‘qituvchidan 250 nafari oyiga 1 000 dollardan ortiq daromad olmoqda. Shuningdek, tuman yoshlarining ta’lim reytingidagi ko‘rsatkichlari respublika miqyosida yuqori o‘rinlarda ekani ta’kidlangan.
Xususan, G‘ijduvon tumanidagi 67-maktab matematika fani o‘qituvchisining oylik daromadi 30 mln so‘mdan oshgan. Bu qariyb 3 000 dollarga teng.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida mamlakat bo‘yicha 40 mingdan ortiq o‘qituvchi 1 000 dollardan, 1 500 nafari esa 2 000 dollardan ortiq maosh olayotganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslar e’lon qilingan. Unga ko‘ra:
- Matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi.
- Har yili 208 ta tuman va shahardagi lider o‘qituvchilarga 30 mln so‘mdan bir martalik mukofot beriladi.
- Ming nafar o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi, sertifikat imtihonidan o‘tgan pedagoglarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi.
- Kamida 15 yillik ish stajiga ega pedagoglarning farzandlariga oliy ta’lim kontraktini to‘lash uchun foizsiz kredit ajratiladi.
- Xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy malaka toifasi beriladi.