Londonda London South Bank University xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Styuart Bannerman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Bb

Suhbat chog‘ida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur universitet 1892-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda unda 18 mingga yaqin talaba tahsil oladi. O‘quv dargohida 1,7 ming nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Talabalar san’at, sanoat, qurilish, arxitektura, biznes boshqaruvi, muhandislik, huquq, amaliy va ijtimoiy fanlar hamda sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida tahsil oladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Styuart Bannerman suhbat davomida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari bilan tibbiyot va ekologiya yo‘nalishlarida hamkorlik loyihalari ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.