OpenAI asoschisi Sem Altman inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi aloqani yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan Merge Labs nomli startapni ishga tushirdi. Loyiha doirasida ChatGPT chatbotini bevosita inson miyasi bilan bog‘lash imkonini beruvchi maxsus qurilma yaratish ko‘zda tutilgan.

Chgpt

Qayd etilishicha, Merge Labs texnologiyasi Ilon Maskning Neuralink loyihasidan tubdan farq qiladi. Neuralink miya to‘qimalariga mikrochiplarni jarrohlik yo‘li bilan joylashtirishga asoslangan bo‘lsa, Merge Labs invaziv bo‘lmagan, ya’ni operatsiyani talab qilmaydigan usulni tanlagan. Startap neyron signallarini masofadan turib o‘qish uchun ultratovush texnologiyasi va maxsus molekulalardan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Bu yondashuv bosh suyagini ochmasdan turib miya faoliyatini tahlil qilish imkonini beradi. Maxsus sensorlar bosh yuzasiga oddiy plastir kabi yopishtiriladi va miya signallarini qayd etadi.

Neyron signallarini ultratovush orqali o‘qish texnologiyasi dastlab Forest Neurotech notijorat laboratoriyasida ishlab chiqilgan. U yerda mazkur usul bosh miya jarohati olgan bemorlarda sinovdan o‘tkazilgan va uning barqarorligi hamda xavfsizligi tasdiqlangan.

OpenAI vakillariga ko‘ra, ushbu texnologiya sun’iy intellekt bilan o‘zaro aloqaning eng “tabiiy” usulini yaratishga xizmat qiladi. Bunda foydalanuvchi barcha bilimlarni bir zumda miyasiga yuklab olmaydi, biroq fikr orqali ChatGPT’ga so‘rov yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, Merge Labs qurilmalari OpenAI mahsulotlari uchun o‘ziga xos “masofaviy boshqaruv pulti” vazifasini bajaradi.

Loyiha mualliflari texnologiyani mukammal holatga yetkazish uchun yillar emas, balki o‘n yillab vaqt talab etilishini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, moliyaviy tahlilchilarga ko‘ra, birgina AQSHning o‘zida neyrointerfeyslar bozori 400 milliard dollarga baholanmoqda.

Hozirda Merge Labs startapining umumiy qiymati 850 million dollarga yetgan. Eng yirik investorlar orasida Sem Altmanning o‘zi, Bain Capital investitsiya kompaniyasi hamda Valve asoschilaridan biri Geyb Nyuell bor.

Loyiha ustida yetakchi olim va mutaxassislar — jumladan, Mixail Shapiro (Kaltex tadqiqot instituti), Tayson Aflalo, Samner Norman, shuningdek, World biometrik tizimi asoschilari Aleks Blaniya va Sandro Xerbig faoliyat olib bormoqda. Sem Altman esa loyiha rivojida shaxsan ishtirok etayotgani aytilmoqda.