Ukrainaning Chernobil shahrida halokatga uchragan atom elektr stansiyasining devorlarida radiatsiya bilan oziqlanadigan g‘ayrioddiy qora zamburug‘ topildi. Bu haqda Science Alert xabar berdi.

Ewvv

Olimlarning ma’lumotiga ko‘ra, bu zamburug‘ o‘simliklar fotosintez uchun yorug‘likdan foydalanganidek, radiatsiyani energiya manbai sifatida ishlatadi. Unga Cladosporium sphaerospermum deb nom berilgan. Ba’zi olimlar uning to‘q pigmenti — melanin radiosintez jarayonini amalga oshirishga yordam beradi deb hisoblaydi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, zamburug‘ radiatsiya darajasi juda yuqori bo‘lgan joylarda nafaqat omon qolgan, balki tezroq o‘sadi. Bu xususiyat boshqa tirik organizmlarning odatiy reaksiyasiga to‘g‘ri kelmaydi va uning halokatli sharoitlarda yashab qolishini izohlaydi. Radiosintez jarayoni hali aniq tushunilmagan.

Shuningdek, Daily Mail nashri 2025-yil oktyabrda Dogs of Chernobyl notijorat tashkilotiga tayanib, hududda g‘ayrioddiy ko‘k rangdagi itlar paydo bo‘lganini xabar qilgan. Ko‘ngillilarning fikricha, bu rang o‘zgarishi itlarning kimyoviy moddalar ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Chernobil falokati haqida

1986-yil 26-aprelga o‘tar kechasi Chernobil atom elektr stansiyasining 4-energoblogida yirik portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda ko‘p miqdorda radioaktiv moddalar atmosferaga tarqalib, hozirgi Ukraina, Belarus, Rossiya va Yevropaning katta qismini ifloslagan.

Dastlabki bir necha hafta ichida o‘ttizdan ortiq xodim va o‘t o‘chiruvchilar o‘tkir radiatsiya sindromi tufayli vafot etgan. Reaktor bir necha kun davomida yonib, radioaktiv izotoplar (ayniqsa, Yod-131 va Seziy-137) Yevropaga tarqalgan. Keyinchalik stansiya atrofidagi aholi evakuatsiya qilinib, 30 kilometrlik izolyatsiya zonasi tashkil qilingan.