Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikatlash nizomi tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi. 2027-yil 1-martdan esa B2, C1 va C2 darajalari bo‘yicha ham imtihonlar o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, kamida B1 darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish jarayonida davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.
Imtihonlarni tashkil etish hamda malaka sertifikatlarini berish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Ilmiy-o‘quv amaliy markazi tomonidan amalga oshiriladi.