O‘zbekistonda xorijiy tildan dars beruvchi o‘qituvchilarga ish haqi to‘lanmasligi, ularning majburan ishdan bo‘shatilishi bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paymoqda. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiyaga chet tili o‘qituvchilaridan ish haqi hisoblanmagani, ishdan chetlatilgani, shuningdek, majburiy ravishda bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdirib olingani yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasi bunday holatlar mehnat qonunchiligiga zid ekanini ta’kidlab, ish beruvchilarni noqonuniy amaliyotlarni to‘xtatirishga chaqirdi.
“Ish beruvchilarning o‘qituvchilarga nisbatan bunday harakatlari huquqbuzarlik hisoblanadi. Davlat mehnat inspeksiyasi har bir aniqlangan holat yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘radi, jumladan javobgarlik choralarini qo‘llaydi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, inspeksiya bunday holatlarga duch kelgan fuqarolarni murojaat qoldirishga chaqirib, har bir holat qonun doirasida ko‘rib chiqilishi va mehnat huquqlari himoya qilinishini ma’lum qilgan.