Hukumatning 2025-yil 3-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (ChQBT) rahbarlari endilikda o‘z ish samaradorligidan (KPI) kelib chiqib, bazaviy tarif stavkasiga nisbatan oyiga 20 foizgacha ustama olishadi.

Qarorga muvofiq, ustama miqdori har bir rahbarning natijadorlik darajasi — KPI ko‘rsatkichlari asosida belgilanadi.
Ushbu qo‘shimcha to‘lovlar Mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlari xarajatlar smetalarida shakllantiriladigan maxsus jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladi.
Mazkur mexanizm ChQBT rahbarlarining mehnatini rag‘batlantirish va yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik tayyorgarligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.