Uch oy muddatda barcha bo‘g‘indagi HR (kadrlar) bo‘linmalari rahbarlari attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari to‘g‘risidagi hamda hokimliklarining Tashkiliy-kadrlar guruhi to‘g‘risidagi namunaviy nizomlar tasdiqlandi.

Shuningdek, inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi belgilandi. 

Unga ko‘ra, 3 oylik muddatda davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari (shu jumladan, hokimliklarning tashkiliy-kadrlar guruhlari) rahbarlari attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Qarorga asosan joriy yilning may oyidan boshlab, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyati Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan hrm.argos.uz elektron platformasi orqali baholab boriladi.