Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida sel suvlari oqib o‘tadigan hududdan maktabga qatnaydigan bolalar xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Bunga ijtimoiy tarmoqlarda Jingil qishlog‘idagi 84-maktab o‘quvchilarining sel suvi oqib o‘tayotgan joydan o‘tayotgani aks etgan video tarqalgani sabab bo‘lgan. Unda bir necha erkak bolalarni ko‘tarib, sel suvidan olib o‘tayotgani aks etgan.
Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mas’ul tashkilotlar holatdan xabardor.
Qayd etilishicha, mazkur hudud mavsumiy sel suvlari oqib o‘tadigan tabiiy o‘zan hisoblanadi. Biroq bolalarning maktabga borib-kelishida bunday xavfli vaziyat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Hozirda hududdagi vaziyat o‘rganilib, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar belgilanmoqda. Shuningdek, muammoning doimiy yechimini topish yuzasidan ish olib borilmoqda.