Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining ijro varaqasiga asosan “Quramax Medical” MCHJ hamda bojxona omborlarida saqlanayotgan jami 3 million 200 mingdan ziyod dori vositalarini yo‘q qilish belgilandi. Bu haqda MIB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Dk

Yo‘q qilinayotgan dorilar orasida O‘zbekistonda kamida 68 nafar bolaning halok bo‘lishi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan “Dok1 Maks” siropi ham mavjud. Jumladan:

  • 811 ming 478 dona “Dok1 Maks” tabletkalari,
  • 101 ming 669 dona “Dok1 Maks” siroplari,
  • 2 million 252 ming 796 dona “Ambronol” tabletkalari,
  • 56 ming 672 dona “Ambronol” siroplari yo‘q qilinmoqda.

Mazkur tadbir Vazirlar Mahkamasining 200-son qaroriga asosan o‘tkazilmoqda. Jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati, ekologiya qo‘mitasi vakillari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda. Zararli dori vositalari ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda maxsus pechlarda yoqib yuborilmoqda.

Tadbir davom etmoqda.