O‘zbekistonda 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani endilikda onlayn tarzda olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali axborot xizmati xabar berdi.

Mudf

Qayd etilishicha, ilgari fuqarolar ushbu hujjatni olish uchun tibbiyot muassasasiga qayta borib, navbat kutishga majbur bo‘lardi. Endilikda xizmat to‘liq raqamlashtirilib, ma’lumotnomani masofadan turib yuklab olish mumkin bo‘ldi.

Mazkur hujjat oliy ta’lim muassasalari, litsey va kollejlarga hujjat topshirayotgan abituriyentlar, sportchilar, ishga kirayotgan nomzodlar, sudyalik lavozimiga tayinlanayotgan shaxslar, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga yo‘llanma olayotgan fuqarolar uchun talab etiladi.

Ma’lumotnomani olish uchun foydalanuvchilar my.gov.uz portaliga kirib, “Sog‘liqni saqlash” bo‘limidan “086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish” xizmatini tanlashi va tayyor hujjatni yuklab olishi mumkin.

Portal ma’lumotiga ko‘ra, hujjat faqat fuqaro tegishli tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgandan so‘ng shakllantiriladi. Shifokorlar xulosasi tizimga kiritilgach, ma’lumotnoma onlayn tarzda yuklab olish uchun ochiladi.

Xizmat bepul bo‘lib, undan foydalanish uchun qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.