O‘zbekistonda 30 yoshdan oshgan fuqarolar ham hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun 120 mln so‘mgacha ssuda olishi mumkin bo‘ladi.

Kuy

Shavkat Mirziyoyevning “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, mazkur imtiyozlar kengaytirilmoqda.

Unga muvofiq, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan fuqarolarga olis va borish qiyin hududlarda o‘quv markazlari ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi. Endilikda bu tartib 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Avvalroq, 2025-yil mart oyida qabul qilingan farmonga muvofiq, ushbu imtiyoz faqat yoshlar uchun amal qilgan edi.

Shuningdek, yangi hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan boshlab olimlar va tadbirkorlar tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar bo‘yicha tajriba-sinov ishlari xarajatlarining bir qismi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.