Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish uchun barcha sohalarda, ayniqsa energetika yo‘nalishida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda mamlakatdagi 25 ta texnika oliy ta’lim muassasasida yoqilg‘i-energetika yo‘nalishi bo‘yicha har yili 5,5 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Biroq ta’lim jarayonining amaliyot bilan yetarlicha integratsiya qilinmagani sababli bitiruvchilarning ish faoliyatiga moslashuvi 2–3 yil vaqt talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan mas’ullarga bir oy muddatda oliy ta’lim muassasalaridagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish va yangilash topshirildi.

Bundan tashqari, 1-sentabrga qadar soha bo‘yicha laboratoriyalar hamda o‘quv poligonlarini zamonaviy talablar asosida jihozlash ishlari boshlanishi belgilandi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab 3-bosqich talabalarining yarmi, 4-bosqich talabalarining esa barchasi dual ta’lim tizimiga qamrab olinadi. Bu esa talabalar o‘qish jarayonidayoq ishlab chiqarish korxonalarida amaliy tajriba orttirishiga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yaqin 2–3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalari, elektr transport vositalari uchun zaryadlash uskunalari hamda boshqa zamonaviy energetika yo‘nalishlarida minglab malakali mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda Shirin energetika texnikumida amalga oshirilayotgan tajriba ham misol sifatida keltirildi. Kompaniya texnikumni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlab, har yili 220 nafar yoshni yangi kasblarga o‘qitmoqda.

Prezident soha uchun zamonaviy va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash energetika tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.