15-dekabr kuni Toshkent shahrida 2025-yilda xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Drey

Ma’lum qilinishicha, yil davomida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 29 ta xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, jami 210 ta medalni, jumladan, 40 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan. Ushbu natija avvalgi yillardagiga nisbatan sezilarli darajada yuqori. Xususan, 2023-yilda 96 ta, 2024-yilda esa 128 ta medal qo‘lga kiritilgan edi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yilgi g‘oliblar va ularning ustozlarini taqdirlash uchun davlat byudjetidan 12 mlrd 424 mln so‘m ajratilganini ma’lum qildi. Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Hilola Umarovaning aytishicha, bu ko‘rsatkich 2017-yilga nisbatan 14 barobar yuqori bo‘lib, 2024-yil bilan solishtirganda qariyb to‘rt barobarga oshgan.

Tadbirda 2025-yilda fan olimpiadalari tarixida yangi natijalar qayd etilgani ta’kidlandi. Jumladan, BAAda o‘tkazilgan xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikki ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu g‘oliblarning har biriga ilk bor 1 milliard 40 million so‘mdan pul mukofoti berildi, ularning ustozlariga esa 185 million 400 ming so‘mdan topshirildi.

Shuningdek, eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida kumush medal olgan o‘quvchilarga 618 mln so‘mdan, bronza medal sohiblariga esa 412 mln so‘mdan mukofot pullari berildi. Ustozlar mos ravishda 103 mln va 61,8 mln so‘m bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida 2026-yilda nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari O‘zbekistonda o‘tkazilishi, shuningdek, matematika, informatika, kimyo, fizika, biologiya va o‘zbek tili fanlari bo‘yicha yangi xalqaro olimpiadalar tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.