Fransiyaning Frankofoniya instituti O‘zbekistonda fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish uchun grant dasturini yo‘lga qo‘yadi. Hamkorlik doirasida 2030-yilgacha 1 410 nafar pedagog malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, vazirlik hamda Fransiyaning Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, 2030-yilgacha 1 410 nafar o‘zbekistonlik fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Dastur doirasida har yili 300 nafargacha pedagog qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 910 nafar o‘qituvchiga umumiy qiymati 1,3 million yevroni tashkil etuvchi bepul pedagogik stipendiyalar ajratiladi.
Tomonlar Allumer les étoiles dasturi doirasida ham o‘qituvchilar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda Fransiyadan chet tili mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Bundan tashqari, Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya institutining byurosi ochiladi. U fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.