Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri yoshlar, ota-onalar va pedagoglarni giyohvandlik hamda narkojinoyatchilikning xavfli oqibatlaridan ogohlikka chaqiruvchi qo‘shma murojaat bilan chiqdi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, yoshlar salomatligi va kelajagi uchun eng katta tahdidlardan biri — giyohvandlikdir. Ayrim yoshlarning tasodifiy yoki vaqtinchalik “zavq” izlab, bu illatga aralashib qolayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotgani qayd etildi.

Vazirlar yoshlarni hushyorlikka chaqirib, giyohvand moddalar “hayotni yemiruvchi zahar” ekani, bir martalik xato butun kelajakni barbod etishi mumkinligini eslatdi.

Murojaatda ota-onalarga farzandlar bilan muntazam muloqotda bo‘lish, ularning ruhiy holati va kundalik hayotidan xabardor turish, mehr va e’tibor ko‘rsatish zarurligi uqtirildi. Shuningdek, ustozlardan ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning zararlarini yoshlar ongiga yetkazish bo‘yicha faol ish olib borish so‘raldi.

“Jigarbandlarimizni giyohvandlik balosidan asrash uchun barchamiz ogoh bo‘lishimiz, bu illatga qarshi birlashishimiz zarur”, — deyiladi murojaatda.

Murojaat yakunida narkojinoyatchilikka nisbatan murosasiz bo‘lish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashish va jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga chaqiriq bildirildi.