O‘zbekistonda 2026-yilda buyuk mutafakkir, hadis va tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.

Bv

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil noyabr oyida Termiz shahrida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Shuningdek, alloma tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan esdalik buyumlari muomalaga chiqariladi. Pochta markalari, taqvimlar hamda Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosini yorituvchi boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari ham yaratiladi.

Qarorga muvofiq, Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari, shuningdek, uning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi. Bundan tashqari, 2026-yil davomida allomaning ilmiy merosiga bag‘ishlangan turkum risolalar chop etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi tashkil etilib, g‘oliblar munosib taqdirlanadi.

Shu bilan birga, 2026-yil noyabr oyida Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri “Mardlar maydoni” shiori ostida o‘tkaziladi.

Fanlar akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Madaniy meros agentligi tomonidan allomaning ilmiy merosiga mansub qo‘lyozmalar, qadimiy kitoblar va boshqa madaniy boyliklarni tadqiq etish, restavratsiya qilish hamda saqlash ishlari amalga oshiriladi.

Prezident qarorida ta’kidlanishicha, ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Hakim Termiziyning islom ta’limoti va diniy ilmlar rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini chuqur o‘rganish hamda uning ilmiy-ma’naviy merosini xalqimiz va jahon hamjamiyati o‘rtasida keng targ‘ib etishdan iborat.

Bundan tashqari, Hakim Termiziy yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari ham amalga oshiriladi.