Vazirlar Mahkamasining 23-fevral kuni qabul qilingan qarori bilan tadbirkorlik subyektlari hamda ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilandi.

Nh

Qarorga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-iyulgacha tadbirkorlar va olimlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yuvchi maxsus elektron platformani ishga tushiradi.

Mazkur platformada yangi ilmiy ishlanmalar bazasi va ilmiy izlanishlar reyestri shakllantiriladi. Tadbirkorlar o‘z faoliyat yo‘nalishida yechim talab etadigan muammolarni kiritishi, shuningdek, hamkorlik bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy qilgan tadbirkorlik subyektlari uchun “ilmiy hamkorlik reyestri” joriy etiladi. Ushbu reyestrga kiritilgan tadbirkorlarga “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” tizimida qo‘shimcha ball berish tartibi belgilanmoqda.

Qarorga muvofiq, ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan yangi ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etgan tadbirkorlarga 12 oy davomida reytingda qo‘shimcha 5 ball beriladi. Bundan tashqari, 2026-yil 1-avgustgacha maxsus platformani “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron tizimiga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Hukumat ushbu mexanizmlar orqali ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni jadallashtirish, tadbirkorlar va ilmiy muassasalar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish hamda innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishni maqsad qilgan.