Ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha 2025-yilgi xalqaro reytingda O‘zbekiston 123 ta davlat ichida 104-o‘rindan joy oldi. Bu haqda EF English Proficiency Index (EF EPI) hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi “juda past” bo‘lgan davlatlar toifasida qolmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda mamlakat 116 ta davlat orasida 98-o‘rinni egallagan edi.
Ingliz tili ona tili bo‘lmagan mamlakatlar orasida yetakchilikni ketma-ket bir necha yildan buyon Niderlandiya saqlab kelmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Xorvatiya, Avstriya, Germaniya, Norvegiya va Portugaliya qayd etilgan. Reytingning eng quyi pog‘onalaridan esa Somali, Togo, Liviya, Kot-d’Ivuar va Kambodja joy olgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari kesimida eng yuqori natija Turkmanistonga to‘g‘ri kelib, u 91-o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (101-o‘rin), O‘zbekiston (104-o‘rin), Qozog‘iston (107-o‘rin) va Tojikiston (110-o‘rin) qayd etilgan. Afg‘oniston esa 96-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston hududlari kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida qayd etilib, u 470 ball to‘plagan. Eng past natija esa Jizzax viloyatiga to‘g‘ri kelib, 395 ballni tashkil etgan.