Turkiyaning Istanbul shahrida Oʻzbekistonda jadidlar merosini oʻrganishga bagʻishlangan ilmiy konferensiya oʻtkazildi. “Dunyo” axborot agentligi xabar berishicha, tadbir Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi va “Turkistonliklarga yordam va madaniyat jamiyati” hamkorligida tashkil etildi.

Oʻzbekiston diplomatlari ochilish marosimidagi nutqida mamlakatimizda jadidlar xotirasini tiklash, ularning boy merosini kelajak avlodga yetkazish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi. Shu bilan birga, jadidlar merosini chuqur oʻrganish va xotirasini abadiylashtirish borasida qabul qilingan farmon va qarorlar ta’kidlandi.
Xususan, 2001-yildan buyon har yili 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlanayotgani, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, shu nomdagi jamoat fondi va davlat muzeyi hamda oliy taʼlim muassasalari qoshida muzey boʻlimlari tashkil etilgani qayd etildi.
Turkiya parlamentining sobiq deputati, sobiq sogʻliqni saqlash vaziri Axat Andijon oʻz nutqida Oʻzbekistonda jadidlar merosiga koʻrsatilayotgan eʼtiborni yuksak baholadi.
Konferensiya davomida turkiyalik va oʻzbekistonlik olimlar jadidchilik harakatining turkiy dunyo va Oʻzbekiston tarixi uchun ahamiyati yuzasidan maʼruzalar bilan chiqish qildilar.