Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z muzey ekspozitsiyasi orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosini, islom ilm-fani va tamaddunining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini zamonaviy usullarda taqdim etishni maqsad qilgan. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tajribasi esa xalqaro madaniy markazlarda samarali natijalar bergan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Sinan Turaman boshchiligidagi «Outdoor Factory» jamoasi hamda italiyalik mashhur olim, Leonardo da Vinchi akademiyasi vakili Mario Teddi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasini zamonaviy texnologiyalar yordamida boyitish, interaktiv va innovatsion loyihalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, markazga tashrif buyuruvchilar uchun vizual texnologiyalar va raqamli muzey tajribasini shakllantirish borasida fikr almashildi.
Italiyalik olim muzeylar uchun multimedia va ta’lim sohasida mutaxassis hisoblanadi. U Leonardo da Vinchi ilmiy merosi, uning ixtirolari, qadimiy texnologiyalar bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilardan biri sifatida tanilgan, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida. Mario Teddining ta’kidlashicha, zamonaviy muzeylar faqat ko‘rgazmalar emas, balki interaktiv markazlarga aylanishi lozim.

Muloqotda Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida zamonaviy interaktiv qurilmalar, virtual reallik texnologiyalari, golografik namoyishlar va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu orqali tashrif buyuruvchilar Islom tamadduni, allomalar ilmiy yutuqlari va qadimiy madaniy meros haqida yanada jonli va ta’sirli ma’lumotga ega bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
– Da Vinchi ixtirolarida o‘zbek allomalarning ilmiy merosidan foydalangan va bu haqiqat. Odamlarga allomalaringizning ilmiy merosi Yevropaga qanchalik ta’sir o‘tkazgani haqida ma’lumot berishni maqsad qilganmiz va yurtingizda ushbu kashfiyotlarni namoyish etmoqchimiz, – dedi Mario Teddi. – Jumladan, Beruniyning kitoblarida da Vinchi kashfiyotlarida uchratishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Tushunish mumkinki, Leonardo qadimgi matematika va geometriyani o‘rgangan. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, matematikada ishlatiladigan raqamlar shu yerda, sizning diyoringizda ixtiro qilingan. Bu faxrli. Biz esa shu kabi kashfiyotlar va yutuqlaringizni zamonaviy texnologiyalar yordamida yana hayotga qaytarishni maqsad qilganmiz.

Markaz rahbarining taklifiga binoan italiyalik mehmon O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishdi va o‘z takliflarini berdi. Shu bilan birga, «Outdoor Factory» jamoasi «Ikkinchi Renessans» ekspozitsiyasi, «Vaqt kapsulasi» hamda «Vaqt devori» loyihalarining montaj ishlarini amalga oshirishi rejalashtirilgan.