Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich maktab ta’limi sifatini oshirish hamda bolalarning o‘qish, matematika va ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan dastur uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli moliyalashtirishni tasdiqladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi .

Ma’lum qilinishicha, “Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta’limini o‘zgartirish” (BILIM) dasturi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi. Mazkur hududlarga mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 45 foizi to‘g‘ri keladi.
Jahon banki qayd etishicha, aynan ushbu hududlarda o‘quvchilarning bilim darajasi bilan bog‘liq muammolar va maktab infratuzilmasi tanqisligi eng dolzarb hisoblanadi.
Dasturning umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etadi. Shundan 273 million dollar O‘zbekiston hukumati, 100 million dollar Jahon bankining imtiyozli moliyalashtirishi hamda 5 million dollar Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) granti hisobidan qoplanadi.
Bank ma’lumotiga ko‘ra, aholining tez o‘sishi va ichki migratsiya tufayli davlat maktablari infratuzilmasiga yuklama ortib bormoqda. 2026-yilda maktab o‘quvchilari soni 7,6 milliondan oshishi kutilmoqda. Mavjud ehtiyojni qoplash uchun hukumat har yili mamlakat bo‘ylab qariyb 300 ta yangi maktab qurishi zarur.
2030-yilgacha dastur doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi ma’murlarining kasbiy va boshqaruv salohiyati oshiriladi.
Shuningdek, yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali boshlang‘ich ta’limda 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi. Dastur ta’lim ma’lumotlarini yig‘ish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish, maktablar faoliyatini samaraliroq rejalashtirish hamda resurslarni taqsimlashga ham xizmat qiladi.
Loyiha natijasida 1–4-sinflarda tahsil olayotgan, yarmi qizlardan iborat qariyb 2 million nafar o‘quvchining sifatli ta’lim olish va kelgusida mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishiga xizmat qiladigan asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.