Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 250 million dollar hajmidagi kreditni tasdiqladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Jb

Ushbu mablag‘ oliy, texnik va kasb-hunar ta’limida talabalar moliyalashtirishdan teng foydalanishini ta’minlashga qaratilgan “EduImkon” dasturini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi. Dastur orqali kelgusi uch yilda mamlakat bo‘ylab 600 ming nafar yoshlarning ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Mablag‘larning qariyb 80 foizi kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026–2028-yillarda “EduImkon” doirasida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

  • ta’lim kreditlari tizimini boshqarish va operatsion jarayonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish;
  • kredit olish jarayonini soddalashtirish uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish, arizalarni ko‘rib chiqish tezligini oshirish va jarayonlarni shaffof qilish;
  • kam ta’minlangan oilalar va xotin-qizlar uchun ta’lim kreditlari berish mezonlarini soddalashtirish, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yangilash;
  • ta’lim mazmunini mehnat bozoriga moslashtirish va kredit tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash;
  • vaqtincha ishsiz yoki kam daromadli bitiruvchilar uchun daromadga bog‘liq to‘lov tizimini ishlab chiqish.

Shuningdek, 2028-yil dekabriga qadar ta’lim kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlaydigan 12 ta tijorat banki orqali ajratiladi. Dastur doirasida qo‘shimcha 30 million dollar xususiy kapitalni jalb qilish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda 14–30 yosh oralig‘idagi aholining ulushi yuqori ekani va so‘nggi yillarda OTMlar soni keskin oshgani qayd etildi. Oliy ta’lim qamrovi 2017-yildagi 8 foizdan 2024-yilda 48 foizga yetgan bo‘lsa-da, talabalar sonining ko‘payishi subsidiya asosidagi ta’lim kreditlari tizimiga bosimni kuchaytirmoqda.

Jahon banki ta’kidlaganidek, hozirgi moliyalashtirish tizimi mehnat bozori ehtiyojlariga to‘liq mos emas. Xususan, STEM yo‘nalishlariga talab yuqori bo‘lsa-da, xotin-qizlar orasida ushbu yo‘nalishlarda tahsil olayotganlar ulushi atigi 33 foizni tashkil etadi. Shu bois, yangi dastur talabalarni yuqori maoshli ish o‘rinlariga mos yo‘nalishlarda o‘qitishga ko‘maklashishi ko‘zda tutilmoqda.