Jahon meteorologiya tashkiloti 2024-yilda ozon qatlamidagi yemirilish darajasi nisbatan past bo‘lgani va u tiklana boshlaganini ma’lum qildi. Mutaxassislar buni tabiiy atmosfera omillari hamda xalqaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarning natijasi sifatida baholamoqda.

Tashkilot bayonoti Jahon ozon kuni (16-sentyabr) hamda Vena konvensiyasi imzolanganining 40 yilligi munosabati bilan e’lon qilindi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham vaziyatga munosabat bildirib, Vena konvensiyasi va Monreal protokolini ko‘p tomonlama muvaffaqiyat ramzi sifatida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ozon qatlamining tiklanishi o‘sha qarorlarning samarasi bo‘lib xizmat qilmoqda:
“Bundan 40 yil oldin dunyo xalqlari ozon qatlamini himoya qilish uchun birinchi qadamni qo‘yib, birlashgandi. Vena konvensiyasi va uning Monreal protokoli ko‘p tomonlama muvaffaqiyatning muhim belgisi bo‘ldi. Bugungi kunda ozon qatlami tiklanib bormoqda”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Montreal protokoli doirasida zararli moddalardan foydalanish 99 foizga qisqartirilgan, ularning atmosferaga chiqarilishi ham kamaygan. 2024-yilda Antarktida ustidagi ozon tuynug‘ining chuqurligi 1990−2020-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgani qayd etilgan. Olimlarning prognoziga ko‘ra, ozon qatlami 1980-yillardagi holatiga qaytishi kutilmoqda.