O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Jazoirning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Jamila Ashurdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.

Mkl

Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar 2026-yil iyun oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Jazoirga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiya, ta’lim, madaniyat hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yangi elchiga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Elchi xonimga O‘zbekistondagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”, dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 4-may kuni O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohira shahrida) Mansur Qilichev Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan edi.

O‘shanda tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qilgan. Ahmad Attaf Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.